Aziz Voitov: suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va suvga ehtiyojni va uni taqsimlashni toʻgʻri tashkil qilish zarur
Vazir boshchiligidagi guruh dastlab, Mirishkor tumanida boʻlib, bu yerdagi klasterlar va fermer xoʻjaliklari rahbarlari va mirishkor dehqonlar bilan uchrashdi. Ushbu tadbir amaliy ko‘nikmalarni hosil qilish maqsadida ko‘rgazmali seminar tarzida tashkil etildi. Unda shuningdek, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov, Qashqadaryo viloyati qishloq xoʻjaligi boshqarmasi vakillari va agrar soha mutasaddilari ham ishtirok etishdi. Ushbu tadbirning bahorgi dala ishlari boshlanishi oldidan tashkil etilgani ham oʻziga xos maʼnoga ega.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, yurtimizdagi har bir hududning oʻz iqlim sharoitlari bor. Qashqadaryoning iqlim sharoitida esa suv nihoyatda qadrli. Shu bois viloyatda suv tejovchi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish va hududdagi suvga boʻlgan ehtiyojni va uning taqsimotini toʻgʻri tashkil qilish zarur.
Tadbirda qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi navlarini sinash, yerni lazer bilan tekislash, suv va oʻgʻitlarni toʻgʻri taqsimlash kabi ishlarning hosildorlikni oshirishdagi ahamiyati ham aniq misollar orqali tushuntirib berildi. Bu jihatdan olib qaraganda ushbu uchrashuvni koʻrgazmali seminar ham deb atash mumkin edi. Biroq, dehqonlar va fermer xoʻjaligi vakillarida bugun qanday qishloq xoʻjaligi texnikalari mavjudligi, bugungi kunda hukumatimiz tomonidan aynan ushbu sektor vakillariga qanday imtiyozlar taqdim etilayotgani va qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishda ularga ajratiladigan subsidiya masalalari ham shu yerda muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda Qashqadaryo zaminida bugun qanday ekinlarni yetishtirish samarali boʻlishi mumkinligi, birlamchi va ikkilamchi ekinlarni ekishda qaysi jihatlarga eʼtibor qaratish lozimligi hamda noanʼanaviy ekinlarni ekish imkoniyatlari ham eʼtibordan chetda qolmadi.
Bundan tashqari, tumanda bogʻ va uzumzorlar tashkil etish, dorivor giyohli oʻsimliklarni yetishtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, har bitta dehqon va fermer xoʻjaliklari yer klasterlari oldidagi foydalanilmayotgan yerlarga anor koʻchatlari yoki kartoshka ekish, bundan tashqari asalari uyalarini qoʻyish orqali qoʻshimcha daromad topish imkoniyatlari ham aytib oʻtildi. Albatta bu taklif dehqonlarning bitta narsaga bogʻlanib qolmasdan bir necha yoʻnalishdagi faoliyatni olib borish orqali daromadini oshirish hamda aholi bandligi taʼminlash koʻzda tutilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Shu yerning oʻzida qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitovning viloyat baliq yetishtiruvchilari bilan ham amaliy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Undan koʻzlangan maqsad viloyatdagi imkoniyatlarni ishga solgan holda baliqchilikni rivojlantirish, xususan, bu sohaga investorlarni jalb qilish orqali soha rivojida tub burilish yasash, eng asosiysi, baliqchilik boʻyicha samarali faoliyat olib borishni tashkillashtirishdan iborat.
Shuni aytib oʻtish kerakki, baliq yetishtirish oʻziga xos uslubiy qoʻllanma va amaliy koʻnikmalarni talab etadi. Bu borada esa hali ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud. Bularning barchasidan oqilona foydalanish yigʻilish davomida qayd etib oʻtildi.
Koʻrib chiqilgan masalalar va vazirlik rahbariyati tomonidan berilgan aniq takliflardan kelib chiqib aytish mumkinki, ushbu seminar unda ishtirok etgan har bir yer bilan tillasha oladigan dehqonlar va agrar soha vakillari uchun manfaatli boʻldi.